2020 yilda “Farg‘ona NQIZ” MChJ ishchi-xodimlarining farzandlari uchun dam olish va sog‘lomlashtirish mavsumini ko‘tarinki ruhda o‘tkazish to‘g‘risida

        Bolalarning dam olishini tashkil etish va sog‘lomlashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish hamda ularni amalga oshirish yuzasidan tizimli nazorat va monitoringni ta’minlash bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi respublika guruhining 2020 yil 27 maydagi yig‘ilishi bayoniga ko‘ra, Farg‘ona viloyatida 16 ta bolalar oromgohlarining faoliyat yuritishiga ruxsat berildi. Bular qatorida “Farg‘ona NQIZ” MChJ ishchi-xodimlarining farzandlari uchun yozgi mavsumda vaqtni maroqli o‘tkazish maqsadida “Tong” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi faoliyati ham yo‘lga qo‘yildi.

 

 

       Oromgohni mavsumga tayyorlash ishlari qisqa kunlarda yakunlandi hamda jajji o‘g‘il-qizlarimizning yozgi ta’tillarini ko‘ngildagidek, maroqli va mazmunli o‘tkazishlari uchun jiddiy tayyorgarlik ishlari olib borildi. Jumladan, mavjud binolar, maydonchalar joriy va mukammal ta’mirlandi, hududda obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi, yo‘laklar ta’mirlandi, yotoqxonalar kerakli jihozlar bilan ta’minlandi.

    O‘z navbatida, biriktirilgan tarbiyachilar, yetakchilar, jismoniy tarbiya va sport mutaxassislari hamda boshqa soha xodimlari har bir kunni mazmunli va maqsadli o‘tkazish uchun zaruriy chora-tadbirlarni amalga oshirmoqdalar.

 

      Oromgohda birinchi mavsumda 220 nafar zavod ishchi-xodimlarining farzandlari dam olmoqda. Kun ertalabki badantarbiyadan boshlanadi. Dam oluvchilarning qo‘shimcha bilim olishlari, boy kitob fondiga ega bo‘lgan kutubxonada mutolaa qilishlari hamda mavjud to‘garaklarda qiziqqan sohalarini o‘rganib borishlari uchun mashg‘ulotlar jadvali tuzilgan. Tajribali va malakali mutaxassislar "Tasviriy san’at", "Mohir qo‘llar", "Raqs" kabi to‘garaklarda muntazam mashg‘ulotlarni olib bormoqdalar. Turli qiziqarli ko‘rik-tanlovlar, shaxmat, shashka, futbol, volleybol kabi sport turlari bo‘yicha musobaqalar va sog‘lomlashtirish tadbirlarini o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, bir qator madaniy dasturlar ham yo‘lga qo‘yilgan.

    Bolalar 4 mahal to‘yimli va mazali issiq ovqat bilan ta’minlangan bo‘lib, malakali tibbiyot xodimlari tomonidan ularning sog‘liqlari doimiy nazorat qilib borilmoqda.

    Shuni alohida qayd etish kerakki, oromgoh karantin va sanitariya-gigiyena talablariga qat’iy rioya etgan holda o‘z faoliyatini olib boradi. Belgilangan tartibda dezinfeksiyalash ishlari bajarilib, shifokorlar vaqti-vaqti bilan bolalarning tana haroratini o‘lchab bormoqdalar. Buning uchun tibbiyot maskani maxsus jihozlar bilan ta’minlangan. Dam oluvchilar va barcha xodimlarning niqobda bo‘lishlari, antiseptik vositalardan foydalanishlari, ijtimoiy masofaning saqlanishi kabi karantin talablari qat’iy nazorat ostiga olingan. Oshxona va ombordagi oziq-ovqat mahsulotlarining sifati, saqlanishi, taomlarning tayyorlanishi muntazam e’tiborda bo‘ladi.

    Dam olish navbati tugagandan so‘ng bolalarni oilalariga qaytarish, kuzatuv tartibi muvofiqlashtirilgan holda, qat’iy nazorat ostida tashkil etilgan.

 

"Farg'ona NQIZ" MChJ matbuot xizmati

 

 


Нашр этиш