OLTIАRIQ YОQILGʼI ISHLАB CHIQАRISH KORXONАSI YOPILMАYDI!

X.LАTIPOV, FNQIZ direktori:

OLTIАRIQ YОQILGʼI ISHLАB CHIQАRISH KORXONАSI YOPILMАYDI!

 

Hayot shiddat bilan davom etar ekan, taraqqiyot hech qachon bir joyda toʼxtab qolmaydi. Shu maʼnoda, kecha koʼzimizga olamshumul yangilik boʼlib koʼringan ixtiro bugun oddiy bir buyumga aylanib ulgurgan.

O’tgan asrning oʼrtalarida televizor, radio xonadonimizning eng aziz neʼmati sifatida qadrlanar edi. Аyni paytda har bir oilada ikkita-uchtadan televizor bor, radio oʼrnini esa allaqachon uyali aloqa vositalari egallab boʼldi.

Yaqin kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda "Fargʼona neftni qayta ishlash zavodi" MChJning Oltiariq yoqilgʼi ishlab chiqarish korxonasi xodimlari tomonidan ushbu korxonaning ish koʼlami va xodimlari soni qisqartirilishi bilan bogʼliq murojaatlar keng tarqalmoqda. Xoʼsh, korxona ishchi-xizmatchilarining eʼtirozlari oʼrinlimi?

Taʼkidlash joizki, Oltiariq yoqilgʼi ishlab chiqarish korxonasi bir asrdan ziyod tarixga ega boʼlib, Fargʼona vodiysidagi ilk sanoat korxonalari sirasiga kiradi. Korxonaning yarim tayyor benzin va yengil dizel mahsulotlari Fargʼona neftni qayta ishlash zavodi (FNQIZ) obyektlariga tashilib, qayta ishlanadi. Bu kabi qoʼshimcha sarf-xarajatlar, logistika xizmatlari mahsulot tannarxining oshib ketishiga olib kelmoqda. Bundan tashqari, korxonaning ishlab chiqarish quvvatlari, texnik va texnologik jarayonlar ham isloh qilishga muhtoj.

Haqiqatan ham bugungi kunda 800 nafardan ziyod ishchi-xizmatchisi boʼlgan Oltiariqdagi korxona oʼz faoliyatini toʼxtatishi mumkinmi? Bu borada yana bir bor taʼkidlayman: Oltiariq yoqilgʼi ishlab chiqarish korxonasi yopilmaydi.

2020-2023 yillarda ishlab chiqarishni modernizasiya qilish dasturi doirasida FNQIZda neftni qayta ishlashning istiqbolli yo‘nalishlari aniqlanib, 5 ta yangi texnologik obyekt qurilishi va 7 ta ishlab chiqarish obyektlarini rekonstruksiya qilish belgilangan. Bu dasturni amalga oshirish orqali uglevodorodlarni qayta ishlash imkoniyati kengayishiga erishiladi. 2023 yildan boshlab yuz foiz "Evro-5" sifatidagi yoqilg‘ilar, xalqaro API standartlari talabiga javob beradigan moy mahsulotlari ishlab ishlab chiqarish joriy etiladi.

Ammo korxonaning aksariyat ishchi-xizmatchilari katta va'dalar berilayotgan bo‘lsa ham ijobiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlanmayotganidan norozi bo‘lib, ijtimoiy tarmoqlar orqali davlatimiz rahbari va xalqimizga murojaatlar yo‘llashda davom etmoqda. Ular bir necha marotaba korxona oldidagi yo‘lda to‘planib, "Bizga neft bering!", "Bizga yordam bering!" degan shiorlar bilan zavod rahbariyatiga murojaat qilishmoqda.

- Turmush o‘rtog‘im 22 yil Oltiariq yoqilg‘i ishlab chiqarish korxonasida ishlab, uch yil oldin shtatlar qisqarishi tufayli ishsiz qoldi, - deydi 28 yildan buyon mazkur korxonada ishlayotgan xodimlardan biri. - Bir nafar farzandim kontrakt asosida oliy ta'lim muassasasida o‘qiydi, yana ikki nafar bolalarim bor.

Korxonada 37 yil ishlagan ishchilardan biri yoshligi, hayotini shu ishga bag‘ishlaganini kuyunib ta'kidlaydi.

- Prezidentimiz kambag‘allikni kamaytiraylik, xalqni rozi qilaylik deyapti, - deydi u.
- Ishsizlik, moddiy qiyinchiliklar odamni turli qing‘ir yo‘llarga boshlaydi. Aynan farzandlarimizni uyli-joyli qiladigan paytda ishsiz qolsak, qayerga boramiz?

Korxona ishchi-xizmatchilarining ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlari tufayli Oltiariq tumani hokimi, zavod rahbariyati ishtirokida ular bilan yuzma-yuz uchrashlar o‘tkazildi. Zavoddagi bugungi iqtisodiy holat va yaqin istiqbolga mo‘ljallangan reja-maqsadlar tushuntirildi.

Zavod faoliyati ochiqligini ta'minlash, FNQIZ va fuqarolar o‘rtasida aloqa o‘rnatish, jamoat nazorati va monitoringini amalga oshirish maqsadida "Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi" MChJ qoshida Jamoatchilik kengashi o‘z faoliyatini boshladi. Jamoatchilik kengashi tarkibida asosan korxonada uzoq yillar namunali faoliyat olib borgan mehnat faxriylari ish olib boradi.

Xulosa o‘rnida aytganda, vaqtinchalik chora-tadbirlar og‘ir kunlarni boshidan kechirayotgan FNQIZning iqtisodiy manfaatlaridan kelib chiqib amalga oshirilmoqda. Shuning uchun vaqtinchalik choralarni ishchi-xizmatchilarimiz to‘g‘ri tushunishlari kerak. Iqtisodiy vaziyat barqarorligini ta'minlash uchun amalga oshirilayotgan bu sa'y-harakatlar ish o‘rinlari qisqarishi yoki Oltiariq yoqilg‘i ishlab chiqarish korxonasi yopilishiga sabab bo‘lmaydi.

 

 

Нашр этиш   E-mail