Ustoz-murabbiylarga ehtirom koʼrsatildi

Zavod boshqarmasi majlislar zalida Oʼqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan tantanali yigʼilish boʼlib oʼtdi. Unga uzoq yillar korxonamizda xizmat qilib, bugungi kunda nafaqada boʼlgan mehnat faxriylari, ishlab chiqarish jarayonlarida va jamoat ishlarida koʼpchilikka namuna boʼlib kelayotgan ustoz ishchilar, yosh avlod vakillari taklif qilindi.

Yigʼilishda zavod direktori X.Latipov ustoz murabbiylarni umumxalq bayrami bilan muborakbod etdi. Ularga samimiy tilaklarini bildirdi. Mehnat faxriylari hamisha zavod rahbariyati eʼtiborida ekanligini taʼkidladi.

Tadbirda ishtirok etgan Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Mavludaxon Xadjaeva soʼzga chiqib, ustoz hamkasblarimizni Oʼqituvchi va murabbiylar kuni bilan qutladi. Zavodda faxriylarni qoʼllab-quvvatlash, ularga gʼamxoʼrlik koʼrsatish va ijtimoiy himoya qilishga katta eʼtibor qaratilayotganini eʼtirof etdi. Shu bilan birga, mamlakatimizda qizgʼin pallaga kirgan saylov jarayoniga toʼxtalib oʼtdi. Jamoa aʼzolarini saylovda faol ishtirok etishga va munosib nomzodga ovoz berishga chaqirdi.

Shuningdek, Birlashgan kasaba uyushmasi qoʼmitasi raisi R.Saydaliev, Faxriylar kengashi raisi M.Xursanova barchani bayram bilan qutlab, dil soʼzlarini bildirishdi.

Tantanada Oʼqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan hamda korxona rivojiga munosib xissa qoʼshgan, “Usta shogird” anʼanasini davom ettirib kelayotgan Q.Egamberdiev, А.Toʼraqulov, R.Mahmudov, M.Rustamov, M.Toʼraeva, Gʼ.Sultonov, H.Rahmonov kabi bir guruh ustoz murabbiylarga Tashakkurnoma va esdalik sovgʼalari topshirildi.

FNQIZ matbuot xizmati


Нашр этиш