Farg‘ona NQIZ ijtimoiy rivojlantirish va xodimlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limining ayollarning mehnat huquqlari va kafolatlariga rioya qilish bo‘yicha mutaxassisi “Eng namunali boshlang‘ich tashkilot – 2022” tanlovining respublika bosqichi g‘olibi bo‘ldi

O‘tgan yil so‘ngida Toshkent shahridagi O‘zbekiston Kasaba uyushmalari tashkilotlari federatsiyasi binosida o‘tkazilgan tadbirda zavodning xotin-qizlar bilan ishlash bo‘yicha mutaxassisi Maxmudova Saida Shavkatovna g‘olib deb topildi.

Maxmudova Saida 1974-yil 7-sentyabrda Farg‘ona shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, 1996-yilda Farg‘ona davlat universitetini, 2009-yilda Farg‘ona politexnika institutini tamomlagan. Rus tili va adabiyoti o‘qituvchisi, kimyogar-texnolog.

U 2001-yildan buyon Farg‘ona NQIZ ishlab kelmoqda. Dastlab yoqilg‘i nazorati laboratoriyasining 10-filialida kimyoviy tahlil laboranti bo‘lib ishlagan. 2009-2018-yillarda muhandis-laborant, yoqilg‘i laboratoriyasi boshlig‘i o‘rinbosari, zavod texnologik bo‘limining 2-toifali texnologik muhandisi lavozimlarida o‘z faoliyatini davom ettirgan.

2018-2022-yillarda zavod xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimida ishlagan. Bugungi kunda u ijtimoiy rivojlantirish va xodimlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limining ayollarning mehnat huquqlari va kafolatlariga rioya qilish bo‘yicha mutaxassisidir.

O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi har yili oila va bolalar tarbiyasida alohida e’tibor qozongan, mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga munosib hissa qo‘shayotgan turli yo‘nalishlarga faoliyat yuritadigan xotin-qizlarni taqdirlab keladi.

Tanlovning respublika bosqichida “Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi” MCHJ mutaxassisi Maxmudova Saida “Eng namunali boshlang‘ich tashkilot – 2022” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib sifatida e’tirof etilib, esdalik sovrinlarni qo‘lga kiritgani zavod jamoasi uchun quvonarli va esda qolarli voqeaga aylandi.

“Zavodda xotin-qizlarning turmush tarzini yaxshilashga katta e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan yil davomida 156 nafar xotin-qizga homiladorlik va tug‘ish ta’tilini olish uchun tavsiyanomalar berildi. 18 nafar xotin-qizning sanatoriyada dam olishi uchun 46 210 000 so‘m, 31 nafar ayolning shifoxonalarda davolanishi uchun 71 300 000 so‘m, 28 nafar xodimaning tishini davolash uchun 4 200 000 so‘m ajratildi. Bundan tashqari, 169 nafar xotin-qizga 107 348 720 so‘m moddiy yordam ko‘rsatildi”, - deydi zavod direktorining umumiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Bekzod Mo‘minov.

 

FNQIZ matbuot xizmati

 

Нашр этиш