Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi hamkorlar bilan tajriba almashmoqda

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi va “Uzbekistan GTL” kompaniyasi o‘rtasida yosh mutaxassislarning tajriba almashishi borasida do‘stona munosabatlar o‘rnatilgan.

“Uzbekistan GTL”ning 26 nafar yosh xodimi FNQIZda o‘z kasbining ustalaridan kasb sir-asrorlarini o‘rganishga muvaffaq bo‘lishdi. Energetika bo‘limi hamda KIPiA xizmatining yosh xodimlari yarim oy davomida nazariy va amaliy bilimlarni mustahkamlash hamda FNQIZ ishlab chiqarish jarayoni bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘lishdi.


Kompaniya vakillari uchun zavodning taqdimoti tashkil etilib, korxonaning ishlab chiqarish jarayoni namoyish qilindi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarni FNQIZ bosh texnologi o‘rinbosari Baxtiyor Akramovga berib, mavzu bo‘yicha atroflicha ma’lumotlarni qo‘lga kiritishdi.

Aytish kerakki, “Uzbekistan GTL” yosh mutaxassislarining zavoddagi amaliyoti “Neftni birlamchi qayta ishlashga tayyorlash va katalitik riformatsiyalash” sexi boshlig‘i Azizbek Shomuratov, “Neft bitumi va neft koksi ishlab chiqarish” 2-sonli sexi boshlig‘i Farux Karimov hamda “Elektr ta’minoti” 8-sonli sexi boshlig‘i Rustam Ergashev boshchiligida tashkil etilgan edi. Ular yosh mutaxassislarni asosiy ishlab chiqarish sexlarining texnologik jarayoni hamda nazorat-o‘lchov asboblari hamda elektr ta’minoti tarmoqlariga texnik xizmat ko‘rsatish sohasidagi ishlar bilan yaqindan tanishtirishdi.


Shuningdek, muhandislik bo‘limi mutaxassisi, qulf-boshqaruv armaturalari bo‘yicha muhandis Jamoliddin Mo‘ydinov tinglovchilarni Saneg tomonidan 400 mln AQSH dollaridan ortiq sarmoya jalb etilayotgan zavodda amalga oshirilayotgan rekonstruksiya va modernizatsiya ishlari bilan tanishtirdi. Modernizatsiya tugallangach, 2024-yilga kelib, FNQIZ xomashyoni qayta ishlashni ikki barobarga - yiliga 2 mln tonnagacha, uglevodorodlarni qayta ishlash chuqurligini esa - 87 foizdan 92 foizga oshirishi mumkin bo‘ladi.

“Yosh mutaxassislarimiz o‘n besh kun davomida zavodning ishlab chiqarish faoliyati bilan yaqindan tanishib, bu jarayonlarda bevosita ishtirok etdishi. Zavodda ko‘plab tajribali xodimlar mehnat qilayotganiga guvoh bo‘ldik. Tajribamiz ancha oshdi. Bunday tadbirni tashkil etgani uchun zavod ma’muriyatiga cheksiz minnatdorchilik bildiramiz”, – dedi “Uzbekistan GTL” biznesni rivojlantirish va loyihalarni boshqarish bo‘limi yetakchi mutaxassisi Abdulaziz Ulug‘bekovich.

“Zavodimizda ko‘plab yuqori malakali mutaxassislar faoliyat yuritadi. Zavodga tashrif buyurgan mehmonlar ham amaliyot chog‘ida bunga ishonch hosil qilishdi. Mutaxassislarimiz yosh xamkasblariga o‘zlari bilgan bilimlarni o‘rgatishdi. Zavod vakillari o‘zlariga kerakli bilimlarni oldilar, degan umiddamiz”, – dedi FNQIZ direktorning kadrlar bo‘yicha o‘rinbosari Feruza Boltaboyeva.

Kelgusida Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi mutaxassislarining “Uzbekistan GTL” kompaniyasiga tajriba almashish uchun yuborish masalasi muhokama qilinmoqda.

 

FNQIZ matbuot xizmati


Нашр этиш