To‘lqin Yusupov Saneg bosh direktori etib tayinlandi

Bu lavozimga tayinlangunga qadar u Saneg kompaniyasi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari – “Konchilik” divizioni ijrochi direktori lavozimida ishlagan.

2017-yildan buyon kompaniyani boshqarib kelgan Shokir Fayzullayev bosh direktor maslahatchisi lavozimiga tayinlandi.

To‘lqin Yusupov neft va gaz sanoatida 15 yillik tajribaga ega bo‘lib, ishlab chiqarishni boshqarish va ishlab chiqarish oqimlarini optimallashtirish, murakkab konlarda neft qazib olish samaradorligini oshirish bo‘yicha ekspert hisoblanadi.

1980-yilda tug‘ilgan, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini “Xalqaro biznes” yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan. AQSh, Ostin shahridagi Texas universiteti dasturi bo‘yicha AQSh, Shotlandiya, BAA, Jazoir, Rossiyada burg‘ilash texnologiyalari bo‘yicha mutaxassis sifatida malakaga ega. Yaponiyaning Osaka shahridagi Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining (JICA) professional menejment dasturini tamomlagan.

2021-yilda Sanoat Energetika Guruhi bosh direktorining innovatsion rivojlanish va texnologiyalar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ish boshlagan. U 2022-yilda “Konchilik” divizioniga rahbarlik qilib, Saneg konlarida neft va gaz qazib olishni ko‘paytirish va faollashtirish masalalari bilan shug‘ullanar ekan, kompaniyada kasbiy rivojlanishni davom ettirdi.

“Bugungi kunda Saneg O‘zbekistondagi yirik ishlab chiqarish, ilmiy, innovatsion va kadrlar salohiyatiga ega yirik neft-gaz kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Inson kapitali kompaniyaning dinamik rivojlanib borishining asosiy omilidir. Kompaniyaning tashkil etilishi sarchashmasida turgan Shokir Fayzullayevga uzoq yillar davomida rahbar sifatida sidqidildan va mas’uliyatli mehnat qilgani uchun chuqur minnatdorlik bildiraman. Ishonchim komilki, u asos solgan boshqaruv texnologiyalari, ishbilarmonlik va insoniylik an’analari To‘lqin Yusupov rahbarligida Sanegning yanada ilg‘or va barqaror rivojlanishi yo‘lida xizmat qiladi”, — dedi Saneg asoschisi Baxtiyor Fozilov.


Нашр этиш