MODERNIZATSIYA ZAVOD SALOHIYATINI OSHIRMOQDA

O‘tgan shanba kuni viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodiga tashrif buyurib, korxonaning texnik va texnologik yangilanishi, keng ko‘lamdagi modernizatsiya va rekonstruksiya bosqichlari, neft mahsulotlarini birlamchi qayta ishlash, laboratoriya tahlillarini olib borish jarayonlari bilan tanishdi.

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi tashkil topganiga 62 yil bo‘ldi. Korxonada xalq xo‘jaligi uchun juda muhim bo‘lgan 60 turdan ziyod mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Biroq yillar o‘tgani sayin qurilmalar, ishlab chiqarish jarayoni bilan bog‘liq texnika va jihozlar eskirib qoldi, qolaversa dunyoda neft mahsulotlari sifatiga talabning ortishi zavodni modernizatsiya va mukammal rekonstruksiya qilishni taqozo etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiing qarori bilan 2020 yilda zavodni "Jizzakh Retroleum" mas’uliyati cheklangan jamiyatining ishonchli boshqaruviga o‘tkazish yo‘li bilan modernizatsiya va rekonstruksiya qilish belgilandi. Buning uchun ajratiladigan sarmoya 300 million AQSH dollarni tashkil qildi.

Ikki yildirki, zavodda ishlab chiqarilayotgan motor yonilg‘ilarini "Yevro-5" hamda surkov moylarining II+/III guruhiga mansub ARI jahon standartlari talablari darajasiga yetkazish maqsadida yangi qurilmalarni qurish va mavjudlarini rekonstruksiya qilishni ko‘zda tutgan islohotlar jadal olib borilmoqda, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning xalqaro standartlarga muvofiqligini ta’minlashga katta ahamiyat berilyapti. Rossiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Xitoy kabi xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda faoliyat olib borilyapti.
Joriy yilning martidan boshlab ekologik toza va sifatli "Yevro-4" standartidagi dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarila boshlandi. May oyida esa zavodda ishlab chiqarilayotgan "AI-95" markali avtomobil yoqilg‘isi birja savdosiga qo‘yildi. Mazkur benzin turi chiqindi gazi bilan zaharlanish darajasi past bo‘lgan oliy navli mahsulot sirasiga kiradi.

Viloyat hokimining zavodga tashrifi chog‘ida korxona direktori X.Latipov modernizatsiya bosqichlari, ishlab chiqarish jarayonlari, navbatdagi istiqbolli loyihalar haqida batafsil ma’lumotlar berdi.

Xayrullo Bozorov ishlab chiqarish liniyalarida olib borilayotgan amaliy ishlarning borishi bo‘yicha taqdimotda ishtirok etdi. Modernizatsiya ishlarida faollik ko‘rsatgan bir guruh ishchi-xizmatchilarning samarali mehnatlarini e’tirof etib, ularga viloyat hokimining diplom va sovg‘alarini topshirdi.

 

R . ORIPOV

 

Нашр этиш